Главная » 2017 » Октябрь » 9 » «O'g'irlangan telefonlarni topish jarayoni tezlashadi» – Vazirlik vakili bilan suhbat
20:15
«O'g'irlangan telefonlarni topish jarayoni tezlashadi» – Vazirlik vakili bilan suhbat
Vazirlar Mahkamasi topshirig'iga ko'ra, O'zbekistonda mobil aloqa qurilmalarini majburiy ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha yangi qaror ishlab chiqildi. Ushbu qaror loyihasini amalga oshirishdan ko'zlangan asosiy maqsad - O'zbekistonga olib kirilayotgan mobil aloqa vositalarini hisobga olish, xususan mamlakatimizga olib kirilayotgan mobil qurilmalarning xalqaro identifikatsiya kodi bilan majburiy ro'yxatdan o'tkazish tizimini tartibga solish ko'zda tutilgan.

Mobil qurilmalarni o'g'irlash holatlariga qarshi yangi loyiha ishlab chiqilmoqda

Shu o'rinda savol tug'iladi: Xo'sh, xalqaro identifikatsiya kodi deganda nima nazarda tutiladi?

Kun.uz muxbiri shu mavzu yuzasidan vazirlikka tashrif buyurib vazirlik mutaxassislari bilan suhbat qildi.

Xalqaro identifikatsiya kodi ya`ni IMEI (International Mobile Equipment Identity) kod – har bir apparatda bo'luvchi takrorlanmas identifikator bo'lib, mobil qurilmalarni kuzatib yurishga mo'ljallangan.

Loyiha aholi fikr-mulohazalari va munosabatlarini o'rganish maqsadida O'zbekiston Respublikasining Me`yoriy-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga qo'yildi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa mazkur yangilik katta muhokamalarga sabab bo'ldi va foydalanuvchilar orasida bu tizimga nisbatan salbiy munosabatlar, tushunmovchiliklar paydo bo'la boshladi.

Albatta, bunga asosiy sabab ommaning qaror mohiyatini, maqsad va vazifalarini to'laqonli tushunib yetmaganidadir. O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Mobil aloqa bo'limi boshlig'i Timur Mashanpin mana shunday savollarga javob berdi.

Foto: Kun.uz
Ma`lum bo'lishicha, yurtimizda yangi loyihaning ishga tushirilishi uchun yetarlicha asoslar mavjud. Keling, ularni birma-bir sanab o'tamiz:

1. Bugungi kunda norasmiy ma`lumotlarga ko'ra, O'zbekiston hududiga xorijdan 2-3 millionga yaqin mobil telefonlar olib kiriladi. Bundan bor-yo'g'i 50 mingtasigina bojxona hujjatlari rasmiylashtirib, to'lovlar amalga oshirilganidan keyin qonuniy yo'l bilan kirib keladi. Bu esa hozirda aholimizning ko'p qismi sertifikatsiya qilinmagan mobil qurilmalardan foydalanayotganini anglatadi. Majburiy to'lovlar, soliqlar to'lanmagani natijasida esa O'zbekiston byudjyetiga zarar yetkazilmoqda.

2. Yana bir muammo. Aholidan mobil aloqa sifati yaxshimasligi bo'yicha ko'plab murojaatlar, shikoyatlar kelib tushadi. Vaholanki, muammoni joyiga chiqib o'rganilganda, uskunaning o'zi nosoz ekani aniqlanadi.

3. Bundan tashqari, endilikda o'g'irlangan telefonlarni topish jarayoni ham tezlashadi. Endi birovning yo'qotib qo'ygan yoki o'g'irlangan telefonini ishlatishdan foyda bo'lmaydi. Bu esa o'g'rilik oldini olishga yordam beradi.

4. Mobil qurilmalarning noqonuniy yo'l bilan kirib kelishi oldi olinsa, O'zbekiston hududidagi ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi ortadi va o'zimizning korxonalarga keng imkoniyat yaratiladi.

Mavjud abonentlar ham yangi tizimda ro'yxatdan o'tadimi?

Bir narsani eslatib o'tmoqchi edim, yangi tizimning joriy etilishi mavjud abonentlarga noqulaylik yaratmaydi. Ular avtomatik tarzda tizimda ro'yxatdan o'tkaziladi. Mavjud abonentlar ortiqcha vaqt sarflab, navbat kutishmaydi. O'z telefonlaridan esa odatdagidek, foydalanishda davom etaverishadi.

Qachon joriy etiladi?

Avvalam bor, mazkur qarorni joriy qilishda bir qancha vazirliklar, davlat idoralari ishtirok etmoqda. Biz esa ushbu loyiha bo'yicha jahon tajribasini ham o'rganib chiqdik. Hozirda loyiha tegishli idoralar bilan kelishilgan holda taklif va munosabatlarni o'rganish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirildi. Masalan, Angliya, Avstraliya, Hindiston, Ozarboyjon, Turkiya davlatlarida ham bu tizimga bir kunda o'tilmagan. Avval, puxta konsepsiya va mobil qurilmalarni ro'yxatdan o'tkazish qoidalarini ishlab chiqish talab etiladi. Vazirlar Mahkamasi esa qachon amaliyotga joriy etilishini tasdiqlab beradi.

Yangi qarorning 2017 yil 1 dekabrdan kuchga kirishi rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan asossiz xabarlarga ko'ra, O'zbekistonda joriy yilning 1 dekabridan boshlab IMEI kodi registratsiyasi boshlanar ekan. Bu kabi xabarlar mutlaqo noto'g'ri va o'rinsizdir. Tizimning qachon ishga tushirilishi yuzasidan alohida hukumat qarori rasmiylashtirilishi va bu jarayon boshlanishidan avval targ'ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Tizim qanday bosqichlarda amalga oshiriladi?

Birinchi bosqichda muhokamaga qo'yilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori tasdiqlanishi, tegishli vazirlik idoralariga vazifalar taqsimlanishi zarur. So'ng taxminimizcha, bir oy ichida tegishli vazirlik idoralar tomonidan kelishilgan holda IMEI kodi registratsiyasi to'lovi qiymati, qachon tizim ishga tushishi, qay tartibda amalga oshirilishi kabi masalalarga javob beruvchi Vazirlar Mahkamasining qarori tasdiqlanishi talab etiladi. Yana bir muhim masala shundaki, hukumat mazkur loyihani ma`qullaganidan so'nggina u keyingi bosqichga o'tadi.

Bu ish nega aynan hozir boshlandi?

Avvallari, mobil aloqa xizmatlaridan hamma ham foydalana olmasdi. Bugungi zamon odami esa hayotini mobil qurilmalarsiz tasavvur eta olmaydi. Hozirda O'zbekistonda abonentlarning soni 22 milliondan oshgan bo'lib, bu aholining uchdan ikki qismining ko'pi mobil aloqa vositasidan foydalanayotganini anglatadi. Bundan tashqari, har birimiz yoki qo'shimcha telefon, yoki planshetlardan foydalanamiz, bu esa mobil uskunalarning soni mobil aloqa abonentlaridan ancha ko'pligini bildiradi. Mobil uskunalar soni haddan ziyod ortib ketmoqda, har kim istagan yeridan nima ko'tarib kelsa, ishlatmoqda. Endi bu narsani hisob-kitob qilish, tartibga solish vaqti keldi.

Bu tizim chet ellik fuqarolar uchun ham joriy qilinadimi?

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sayyohlar oqimini oshirishga katta e`tibor qaratilmoqda. Shu sababli, ularga hech qanday ortiqcha noqulayliklar tug'dirilmaydi. Shuningdek, roumingdagi abonentlarga nisbatan ham tizim talablari qo'llanilmaydi.

Suhbat so'ngida yana bir bor alohida takidlab o'tmoqchi edimki, mazkur tizim yaratilishi va joriy etilishidan asosiy maqsad faqatgina mavjud qonun talablari bajarilishini ta`minlash va mamlakatimizdagi mobil uskunalar hisobini yuritish va tartibga solish hisoblanadi.
Категория: Mahalliy Yangiliklar | Просмотров: 58 | Добавил: DesignSHYI | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: